
1-mavzu: Maktab o‘quvchilarining maktabdagi odobi, o‘zini tutishi qanday bo‘lmog‘i kerak?
O‘quvchilarimiz baxtli avloddir.. Endi ular faqat o‘z bilimlari bilan emas, balki, odob-ahloqlari, madaniyat va ma’rifati, ma’naviy go‘zalligi bilan ham namuna bo‘lishlari kerak.
Demak, mukammal go‘zal inson deganda faqat tashqi ko‘rinishigina emas, balki, muomalasi, odobi, yurishi, gapirishi, o‘zaro xurmat saqlashi, o‘zgalarning dilini og‘ritmasligi, kamtarligi, dono so‘zlashi, tiliga behayo so‘zlarni olmasligi, assalomu alaykumni kanda qilmasligi, ota-onasini, ustozlarini ranjitmasligi kabi ko‘plab ijobiy hislatlarga ega insonni tushunamiz. Shundagina o‘quvchilarimiz bilan bir marta uchrashgan insonlar ularga “Otangga, onangga ustozinga rahmat, o‘zinga faqat yuksaklik va kamolot tilayman” degan so‘zlarni aytadi.
Buning uchun maktabimizning oltin qoidalarini yana bir bor eslatib o‘tamiz.
1.Maktabga kirib kelishda, maktab ichkarisida yurganda kim bo‘lishidan qat’iy nazar, u begonami, mehmonmi, tanish-notanishmi farqi yo‘q, o‘zimizdan yoshi kattalarga, ustozlarga, xorijlik ustozlarga qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib Assalomu alaykum degan muqaddas kalomni aytish.
2.Maktabda o‘qiyotgan yoshi katta o‘quvchi akalarimiz, opalarimizga ham albatta ushbu xurmatni ko‘rsatish.
3.O‘zimizdan kichkina ukalarimizga izzat ko‘rsatish, ularni ayab, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, qalblarida kattalarga nisbatan mehr-muxabbat uyg‘otish;
4.Maktabda yurganda tartib bilan sekin qadam tashlab, qattiq gapirmasdan, bir-birovni turtib itarib, tartibni buzmasdan o‘ng tarafdan, to‘planmasdan saflangan holda harakatlanishga odatlanish;
5.Koridordan yurayotganda kattalar ishlayotgan va eshiklari ochiq turgan xonalarga mo‘ralamaslik, shovqin qilib ularga xalaqit bermaslik lozim.
6.Maktab xududida faqat yaxshi so‘zlar, yaxshi niyat va tilaklar jamlangan gaplar gapirish, bir birovni sizlab, xurmatlab, ayniqsa, o‘quvchi qizlarga nisbatan yuksak darajada extirom ko‘rsatish lozim.
7.Xorijlik mehmonlar yonida bizning o‘zbek xalqi o‘z odobi va ahloqi bilan tanilgan xalq ekanligini shu xalqning kichik bir vakili sifatida isbotlab yurish shart va zarur.
8.Bir biringizga ertalab “Kuningiz xayrli bo‘lsin”, “O‘qishlaringizga muvaffaqiyat tilayman”, ovqatlanayotganda “Yoqimli ishtaha”, uxlashdan oldin “Yaxshi uxlab turing”, “Yaxshi dam oling” kabi tilaklarni aytishga odatlanish kerak. Bu so‘zlarni aytishga hech qachon tortinmaslik kerak. Chunki bu so‘zlar inson kayfiyatini ko‘taradi, sog‘ligiga sog‘lik qo‘shadi. Albatta bu ezgu so‘zlar o‘zingizga qaytadi.
2-mavzu:Tilingni avayla omondir boshing.
Daraxtni kessalar – uning ildizidan bir shoxcha ko‘karib, uning o‘rnini bosadi.
Tanadagi qilich va o‘q yarasi ham bitib ketadi. Lekin til yarasi hech vaqt tuzalmaydi. Qalbga sanchilgan so‘z o‘qini chiqarib bo‘lmaydi. Badan zahardan, qalb yomon so‘zdan o‘ladi. Chunki so‘z qilichi temir shamshirdan ham o‘tkirroqdir.
Qilichdan yetgan jarohat tildan yetgan jarohatga qaraganda yengilroqdir.Chunki qilich badanni, til esa qalbni jarohatlaydi. Vujud yaxshi taom bilan bilan jonlanganidek, qalb ham yaxshi so‘zlardan orom oladi.
Yaxshi so‘zlarni so‘zlashga odat qilmagan kishi falokatga uchraydi. Aqlli odam o‘z so‘ziga xokim bo‘ladi.Kishiga baxt, ro‘shnolik, yaxshilik va ezguliklar aqlli so‘zlamaklikdan keladi.
To‘g‘ri so‘zlashning hosiyatlari haqida Navoiy bobomiz shunday deganlar:
“Suvning mazasi-muz bilan, oshning mazasi-tuz bilan, odam yaxshiligi – so‘z bilan”.
“Sihat tilasang ko‘p yema – izzat istasang ko‘p dema”.
“Oz gapirgan oz – yanglishadi”.
“Xalq dushmanlari yolg‘onchilardir”.
“Vaqtida aytish kerak bo‘lgan so‘zni asrama, aytish kerak bo‘lmagan gapning yaqiniga yo‘lama”.
Tiling bilan dilingni bir tut, tili va dili bir bo‘lgan kishining ishi but”.
3-mavzu: Salom berish odoblari
Salom berish o‘ziga xos duo, ibodatdir. Salomning shakli va ko‘rinishida har bir millatning o‘zigagina xos tomonlari bo‘lishi mumkin. Bizda o‘ng qo‘limizni chap ko‘ksimizga qo‘yib, tavoze bilan salomlashining go‘zal odobi mavjud. Shunga qaramay, ayrim birodarlarimiz ikki kaftlarini kindiklari ustiga qo‘yib, egilib salom beradilar. Bu salomlashishda xushomadgo‘ylik yaqqol sezilib turadi. Eng odobli salomlashish o‘ng qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib, yengil tavoze, xurmat bilan salomlashishdir.
Ko‘pincha davralarda salom berish odobi haqida so‘z ketsa. “Avval kim salom berishi kerak? degan savol ko‘tariladi. Azaldan ota bobolarimiz amal qilib kelgan bu qoidalar bilan tanishamiz.
-erkak va ayol ro‘para kelganda birinchi bo‘lib ayol salom berishi kerak, bu bilan ayol kamsitilmaydi, agar erkak birinchi bo‘lib salom bersa, go‘yoki ayolni gapga tortishga bahona izlaganday tuyulishi mumkin.
-ayollar bilan qo‘l berib ko‘rishilmaydi, salom va alikning o‘zi kifoya.
-ko‘chada piyoda va suvoriy (hozirgi davrda mashinadagi odam) uchrashib qolsa, piyodaga mashinadagi odam salom beradi. Chunki piyoda salom bersa, meni ham ola keting degan ta’ma aralashadi, ta’ma aralashgan salom ijobat bo‘lmaydi.
-bir kishi ko‘pchilik orasiga kirsa, bir marta salom beradi, har bir kishiga alohida salom berishi shart emas. Ulardan biri alik olib, o‘tirishga taklif qiladi, agar xammalari alik olsa savob bo‘ladi.
-o‘tirgan yoki tik turgan odamga yurib kelgan kishi salom beradi.
-xammomda, xojatxonada salom berilmaydi.
-ertalab uyg‘ongach, yuz – qo‘lni yuvmaguncha salom berilmaydi, Assalomu alaykum degan moʻtabar kalomni toza badan, toza qalb bilan aytish kerak.
-bizning odobimizga ko‘ra kichiklar kattalarga salom beradilar. Lekin kichiklar ba’zan bolaliklariga borib yo biron narsaga chalg‘ib, salom berishni unutishlari mumkin. Shunda kattalar ularni darrov urushmay, salom bersalar, shuning o‘zi ibrat bo‘ladi.
Qo‘l berib ko‘rishishda esa kichiklar avval qo‘l uzatmaydilar, agar katta kishi qo‘l uzatsa, ehtirom yuzasidan qo‘sh qo‘llab ko‘rishadilar.Katta kishi qo‘l uzatmasa, salom berishning o‘zi kifoya, unga qo‘l uzatilmaydi.
Salom berayotgan odamning chehrasi ochiq va xursand bo‘lsa, bu kayfiyat alik oluvchiga ham o‘tadi.
Telefon jiringlaganda “Assalomu alaykum”, Labbay” deb javob bergan insonni go‘zal xulq egasi ekanligidan dalolatdir. Hech bo‘lmasa, “Labbay” deb javob berish lozim.
4-mavzu: Al-Xorazmiy yer yuzi matematiklarining ustozi .
Abu Abdullox Muhammad ibn Musa al Xorazmiy 783 yilda qadimiy Xorazmning Xiva xududida tug‘ilgan. 9 asrning eng buyuk allomalaridan biri, matematik, astronom, geograf va tarixchidir. Al-Xorazmiyning hayoti va ijodi buyuk madaniyat va ilmiy ko‘tarilish asriga to‘g‘ri kelgan. U dastlabki bilimlarni Mavoraunnahr va Xorazmning buyuk olimlaridan olgan. Ma’mun akademiyasining tashkilotchisi xalifa al-Ma’mun topshirig‘iga asosan al-Xorazmiy yer yuzasini va uning uzunligini o‘lchovchi asboblarni yaratish ustida ishlagan. 827 yilda al-Xorazmiy Sanjar cho‘lida yer yuzasini o‘lchovini chiqarishga erishgan. Ushbu o‘lchov o‘zining aniqligi bilan jahon olimlarini xozirgacha qoyil qoldirib kelmoqda.
Taxminan 830 yilda olim o‘zining birinchi ilmiy kitobi “al Kitob al-muxtasar fi xisob al-jabr val muqobala” (Algebradan qisqacha kitob) ni yaratgan. Ushbu kitob shu davrdagi va xozirgi kundagi eng qimmatli manba bo‘lib qolgan.
Al-Xorazmiy matematika fanining tarixida o‘chmas iz qoldirgan allomadir. Uning ushbu kitobi nomi asosida algebra atamasi fanga kirib kelgan. Uning nomidan latincha “Algoritmi” so‘zidan “algoritm” termini kelib chiqqan va algebra atamasi al-xorazmiy nomiga mos ravishda abadiy qolib ketgan. Bu kitob 12 asrda 2 marta latinchaga tarjima qilingan va Yevropada matematika fanining rivojlanishida katta rol o‘ynagan.
U o‘zining Xindcha xisoblash kitobida ayniqsa matematika fanida keskin o‘zgarish yasagan. Jaxon olimlari uchun muammo bo‘lib kelayotgan o‘nlik sanoq tizimini yaratgan va nol raqamini kiritish bilan juda chigal muammoni xal qilgan. Yevropa 16 asrda ushbu al-Xorazmiy yaratgan raqamlarni tan olgan va butun Yevropaga joriy qilingan.
Al – Xorazmiy jahon ilm fanida o‘zining ushbu asarlari bilan inqilobiy o‘zgarishlar qilgan va o‘z nomini abadiy qoldirgan va Xorazm elining naqadar buyuklar yurti ekanligini isbotlagan.
ASARLARI
1. Xindcha xisoblash kitobi.
2. “al Kitob al-muxtasar fi xisob al-jabr val muqobala” (Algebradan qisqacha kitob)
3. («Kitab al-amal bi-l-asturlabat») (Astrologik o‘lchov asboblari yordamida amalga oshiriladigan ishlar xaqida). Bu kitobda namoz vaqtlari aniq belgilab berilgan
4. («Kitab al-ruxama») Quyosh soati xaqida kitob
5. «Kitab surat al-ard» (Yer tuzilishi xaqida kitob)
6. «Risala fi istixradj tarix al-yaxud va ayadixim» (Yaxudiylar asri va ularning bayramlarini aniqlash kitobi).
7. Astrologik inshoot qurish xaqida kitob yaratgan lekin saqlanib qolmagan, boshqa manbalarda ma’lumot qolgan.
8. «Zij» (Astronomik jadval).
9. Tarix kitobi – taniqli shaxslarning goroskopi
Ushbu asarlardan 7 tasi saqlanib qolgan. Ular matn ko‘rinishida yoki latincha tarjimada va arab olimlarining sharxida saqlanib qolgan.
5-mavzu: Abu Rayhon Beruniy buyuk qomusiy olim.
Abu Rayhon Beruniy Xorazmlik buyuk olim, tarix, geografiya, filologiya, astronomiya, matematika, geodeziya, mineralogiya, farmakologiya, geologiya va boshqa fanlarga oid juda qimmatbaho va nodir asarlar yozib qoldirgan allomadir.
Beruniy O‘rta Sharqda birinchi bo‘lib yer sharining quyosh atrofida aylanishi xaqidagi ilmiy kashfiyotni ilgari surgan, Yer sharining og‘irligi hamda diametrining (eni, bo‘yining uzunligi) xajmini aniqlagan.
Amerikalik tarixchi Dj. Sarton Beruniy haqida shunday degan:
«Tarix, astronomiya va matematika, astrologiya va geografiya, antropologiya va etnografiya, filosofiya, arxeologiya, botanika va mineralogiya fanlari Abu Rayhon Beruniy bo‘lmasa, egasiz va yetim bo‘lib qolar edi».
Uning to‘liq ismi Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy bo‘lib, 973 yil 4 sentyabrda Xorazmning qadimiy poytaxti Kat shahrida tug‘ilgan.
U matematika va filosofiyadan juda kuchli bilim olgan. Uning birinchi ustozi dunyoga mashhur olim Abu Nasr Mansur ibn Irak al-Jadiy bo‘lib, u o‘z davrining mashhur astronomi, matematigi va trigonometriya fani olimi hamda faylasuf bo‘lgan.
Beruniy tabiatning o‘z qonunlari borligi va hamma narsa mavjudligini yozgan. Uning fikricha tabiatga faqat ilmiy yo‘l bilangina yondashish lozim. Uning asosiy qilgan ulug‘vor ishlari matematika va astronomiyaga bag‘ishlangan bo‘lib, Xorazm diyorining suv xo‘jaligi va savdo sotiqining rivojlanishida katta ahamiyat kasb etgan.
Beruniy yashagan davrda taqvim (kalendar) ishlab chiqish, vaqtni aniq belgilash, osmondagi Quyosh, Oy va yulduzlarning joylashuvini aniqlash bilan birga ekvator chizig‘i va quyosh va yulduz yillarini uzunligini o‘lchash asosiy zarurat bo‘lgan. Shulardan kelib chiqib Beruniy kuchli iroda va chidam bilan ishlagan, shu davrdagi oddiy astrologik asboblar bilan ushbu ishlarni uddasidan chiqqan. Eng buyuk kashfiyotlaridan biri deyarli yuqori darajadagi aniqlikda Yer sharining radiusini aniqlagan (qariyb 6000 km) Bu natijani Yerning shar shaklidan kelib chiqib aniqlagan. Beruniyga qadar Quyosh Yer atrofida aylanadi degan fikr bo‘lgan, Beruniy aksincha Yer shari quyosh atrofida aylanishini isbotlab bergan.
Beruniy ushbu ilmiy ishlarini o‘zi ixtiro qilgan “Usturlob”, “Kvadrant”, “Sekstant” nomli asboblar yordamida amalga oshirgan.
Beruniy 7.5 metr radius kattalikdagi quyosh va planetalarning holatini o‘rganadigan inshoot barpo qilgan. Bu inshoot deyarli 400 yil davomida dunyodagi eng katta ilmiy inshoot sifatida faoliyat ko‘rsatgan.Beruniydan keyin ham bu inshootda ilmiy izlanishlar davom qilgan.
Beruniy ilk kitobini 1000 yilda “Qadimgi xalqlarning urf-odatlari” mavzusida yozdi. U o‘z kitobida dunyo xalqlarining urf-odatlari bilan bir qatorda vaqt va oy kunlarni belgilanishidagi farqlarni, kalendar (taqvim) dagi vaqt ko‘rsatkichlarini ko‘rsatib berdi.
Qadimiy qal’a Kat va Qo‘rg‘onda yashadi, Xorazmda shox Ma’mun saroyida istiqomat qildi. Ma’mun akademiyasini boshqardi, o‘zining atrofiga Ibn Sino, Al Xorazmiy kabi buyuk olimlarni birlashtirdi, ular bilan ilmiy izlanishlar olib bordi.
1017 yilda Xorazmni sulton Maxmud Gʻaznaviy egallagandan keyin uni sulton o‘z saroyiga Gʻaznaga olib ketadi. U yerda bir necha yil yashaydi va mashhur “Xindiston” asarini yozadi va 1030 yilda tugatadi.
Beruniyning 150 dan ortiq matematika, mineralogiya, tarix, etnografiya, filologiya, filosofiyaga oid ilmiy asarlar yozganligi ma’lum. Uning mineralogiyaga oid yozgan asarida mavjud minerallarning, turli toshlarninng tarkibi xaqida yozilgan, xali bugungiday zamonaviy asboblar mavjud bo‘lmagan bir davrda minerallarning ximiyaviy tarkibigacha ta’rif berilgan. Bu asrlar bugungi kungacha o‘z qadrini yo‘qotmasdan, aksincha olimlarning izlanishlarni davom qildirishlarida asosiy manba bo‘lib kelmoqda.
Keksaygan payti u ko‘z nuridan ayrilgan, lekin umrining oxirigacha bilim izlashni o‘z hayotining mazmuniga aylantirgan. 1048 yilda vafot qilgan. Uni hozirgi Afg‘oniston xududidagi Gʻazna viloyatiga dafn qilganlar.
6-mavzu: Mahmud az-Zamaxshariy (1075-1144) |
Ko‘hna Xorazm zaminida jahon fani va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan ko‘plab buyuk allomalar yetishib chiqqan. Abul qosim az-Zamaxshariy ana shunday ulug‘ siymolardan biridir. Allomaning to‘liq ismi Abul qosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy bo‘lib, u hijriy 467 yil rajab oyining 27 kuni (1075 yil 19 mart) Xorazmning katta qasabalaridan biri — Zamaxshar qishlog‘ida tavallud topdi. Az-Zamaxshariy haqidagi ma’lumotlar asosan O‘rta asr arab manbalarida keltiriladi. Otasi unchalik badavlat bo‘lmasa-da, savodli, taqvodor, diyonatli kishi bo‘lgan va aksar vaktini Qur’on tilovatiyu namoz o‘qish bilan o‘tkazib, Zamaxshardagi bir masjidda imomlik ham qilgan. Az-Zamaxshariyning onasi ham taqvodor, dindor ayollardan hisoblangan.Aftidan, az-Zamaxshariyning otasi serfarzand bo‘lgan. Chunonchi, shoir qasidalaridan birida otasining farzandlari ko‘p va oilasi katta bo‘lgani tufayli ham tirikchilik yo‘lida tinmay mehnat qilgani haqida yozadi.Az-Zamaxshariy dastlabki bilimni ham o‘z otasidan oldi. Alloma haqidagi ma’lumotlardan ma’lumki, uning bir oyog‘i yog‘ochdan bo‘lib, tarixchilar bu haqda: «Bir oyog‘i yog‘ochdan edi va uzun yaktagini tushirib kiygani uchun kurgan odam uni cho‘loq deb o‘ylardi» — deb yozganlar. Og‘ir illat tufayli u yoshligidan bir oyoq bo‘lib qolgan va shundan so‘ng otasi uni endi og‘ir mehnatga yaramaydi, deb kiyim tikuvchi ustaga shogirdlikka bermoqchi bo‘ladi. Biroq yoshligidan ilmga havasmand o‘sgan Mahmud otasidan o‘zini madrasaga o‘qishga yuborishni so‘raydi. O‘g‘lidagi ilmga bo‘lgan zo‘r ishtiyoq va havasni sezgan otasi uni madrasaga beradi. Az-Zamaxshariy Buxoroda o‘qishni tugatgach, bir necha yil Xorazmshohlar xizmatida bo‘lib, kotiblik bilan shug‘ullanadi, hukmdorlar bilan yaqinlashishga urinadi. Biroq qobiliyati, ilmi, fazilatiga yarasha biror mansab va munosib e’tibor ko‘rmagach, o‘zga yurtlarga safar qiladi, maqsadlarining ushalishiga umid bog‘laydi. 1118 yili az-Zamaxshariy og‘ir dardga chalinadi, bu kasallikdan tuzalgach esa hukmdorlar xizmati-yu mansab va mol-dunyo ta’masidan mutlaqo voz kechadi, qolgan umrini faqat ilm-fanga bag‘ishlashga astoydil qaror qiladi. Az-Zamaxshariyning o‘z davri ilmlarini to‘liq egallashga, olimlik darajasiga yetishishida, shubhasiz, ustozlarining xizmati benihoya katta bo‘lgan. Mana shunday ustozlardan biri — til, lug‘at va adabiyot sohasida mashhur olim Abu Mudar Mahmud ibn Jariyr al-Dabbiy al-Isfahoniydir (1113 yili Marvda vafot etgan). Al-Isfahoniy Xorazmda ham bir qancha muddat yashagan.Az-Zamaxshariy hayoti davomida Marv, Nishopur, Isfahon, Shom, Bag‘dod va Щijozda, ikki marta Makkada bo‘ldi. Olim bu yerda ilmiy ishlarini davom ettirdi, arab tili grammatikasi va lug‘atini hamda mahalliy qabilalarning lahjalari, maqollari, urf-odatlarini chuqur o‘rgandi, bu mintaqa jug‘rofiyasiga oid xilma-xil ma’lumotlarni to‘pladi.Adib ko‘p asarlarini Makkaligida yaratadi. O‘z hayotida chuqur iz qoldirgan Makkada az-Zamaxshariy besh yilcha yashaydi. Shu boisdan u Jorulloh («Ollohning qo‘shnisi») degan sharafli laqabga muyassar bo‘ladi. O‘z davrining yirik olimi darajasiga ko‘tarilgan az-Zamaxshariyning Xorazmda ham, Sharqning boshqa ko‘pgina shaharlarida ham ko‘pdan-ko‘p shogirdlari bo‘lgan, alloma ko‘p vaqtini o‘shalarga bag‘ishlardi. Az-Zamaxshariy oxirgi marta Makkadan qaytib, Xorazmda bir necha yil yashaydi va hijriy 538 yilda, arafa kechasi (1144 yil 14 aprel) vafot etadi. 1333 yili Xorazmda sayohatda bo‘lgan mashhur arab sayyohi ibn Battuta (1304-1377) «Ar-Rihla» («Sayohatnoma») asarida az-Zamaxshariyning ustida qubbasi bo‘lgan maqbarasini ko‘rganini yozadi. Buyuk mutafakkir az-Zamaxshariy arab grammatikasi, lug‘atshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, jug‘rofiya, tafsir, hadisga oid ellikdan ortiq asarlar yaratgan, ularning aksariyati bizgacha yetib kelgan.Arab tilshunosligi va grammatikasining turli tomonlariga oid asarlar az-Zamaxshariy ijodida salmoqli o‘rin egallaydi. Jumladan, arab tili grammatikasiga oid «Al-Mufassal» (1121 yil) nomli asarini u Makkada yashagan paytida, bir yarim yil davomida yozgan. «Al-Mufassal» arab tili nahvu sarfini o‘rganishda yirik qo‘llanma sifatida azaldan Sharqda ham, g‘arbda ham shuhrat topgan asarlardan hisoblanadi. Az-Zamaxshariyning xorazmshoh Alouddavla Abulmuzaffar Otsizga bag‘ishlab yozilgan «Muqaddimat ul-adab» asari alohida ahamiyatga egadir. Az-Zamaxshariyning chuqur bilimi, dahosi va fanning turli sohalariga oid o‘lmas asarlari hali u hayot paytidayoq butun musulmon Sharqida unga katta shuhrat keltirgan. Allomani chuqur hurmat va mehr bilan «Ustoz ul-arab va-l-ajam» («Arablar va g‘ayri arablar ustozi»), «Faxru Xvarazm» («Xorazm faxri») kabi sharafli nomlar bilan ataganlar. Mashhur olimlar, shoirlar, adiblar davrasida u doimo peshvolardan biri bo‘lib, qizg‘in ilmiy bahslar, munozaralarda uning fikri inobatga olinardi. Mana shunday ulkan obro‘-e’tibor, ehtimol, daho o‘z asarlaridan birida «va inniy fi Xvarazm kaabat ul-adab» («Chindan ham men Xorazmda adiblar uchun bir ka’baman») deb yozishiga asos bo‘lgan bo‘lsa kerak!
13-mavzu:Jaloliddin Manguberdi. Jaloliddin Manguberdi 1199 yilda Xorazmda tavallud topgan bo‘lib, 1169 — 1220 yillarda yashagan va 1200 — 1220 yillarda Xorazmshohlar davlatini boshqargan hukmdor Alouddin Muxammad II ning o‘g‘li. Jaloliddin Manguberdi 1220 yilda otasi vafot etgach, 1221 yil fevralda Xorazmshohlar davlati taxtiga o‘tirgan va o‘n yil ushbu davlatni boshqargan so‘nggi hukmdordir. U mo‘g‘ul istilochilariga qarshi kurashlarda mislsiz jasorat ko‘rsatib, 1231 yilda qaroqchilar tomonidan 31 yoshida o‘ldirilgan. Onasining ismi Oychechak, Otasi Alouddin Muxammad II 1172 — 1200 yillarda hukmdorlik qilgan Anushteginiylar sulolasiga mansub Xorazmshoh Alouddin Muzaffar Takesh (yoki Abul Muzaffar Takesh)ning o‘g‘li.
Kengaytirilgan ma’lumot. Jaloliddin ibn Alovuddin Muhammad Xorazmshohlar davlatining so‘nggi hukmdori, mohir sarkarda. Anushteginiylardan. Xorazmshohlardan Muhammadning katta o‘g‘li. Onasi – Oychechak turkman kanizaklaridan bo‘lgan. Jaloliddin burnida holi (mank) bo‘lgani uchun Mankburni nomi bilan atalgan. Keyinchalik bu nom talaffuzda o‘zgarib “Manguberdi” nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan. Jaloliddin voyaga yetgach, otasi uni G‘azna, Bomiyon, G‘ur, Bust, Takinobod, Zamindovar va Hindiston hududlarigacha bo‘lgan yerlarda hokim va taxt vorisi etib tayinlagan (1215). Biroq Turkon xotun va qipchoq amirlarining qat’iy noroziligi sababli Qutbiddin O‘zloqshoh foydasiga vorislikdan mahrum etilgan. Jaloliddin otasining harbiy yurishlarida ishtirok etib, o‘zining jasur jangchi, iqtidorli sarkardalik qobiliyatlarini namoyish etgan (qadimgi Irg‘is daryosi bo‘yidagi jang). Oradan bir necha kun o‘tgach, Jaloliddin Manguberdi qo‘shini soni 7 mingga yetdi. Unga Ko‘lbars bahodir, Kabkuh va Sa’diddin Ali ash-Sharabdor kabi lashkarboshilar o‘z kishilari bilan kelib qo‘shildi. Jaloliddin Manguberdi Shimoliy Hindistonning notanish cho‘lida och, juldur kiyimli jangchilari bilan sargardonlikda qoldi. Uning bu holidan foydalanmoqchi bo‘lgan Shatra viloyati rana (shoh) si Jaloliddin Manguberdiga hujum qilgan. Jaloliddin Manguberdining merganlik bilan otgan kamon o‘qidan rana halok bo‘ladi, qo‘shini esa parokanda bo‘lib qochadi. Jaloliddin Manguberdi katta o‘ljani qo‘lga kiritadi. Bu g‘alabadan so‘ng Sind, Uchcha, Mo‘lton, Lohur va Peshavor hokimi Nosiriddin Qubacha (1205-1227)ning Nandana va Sakundagi noibi Qamariddin Karmoniy Jaloliddin Manguberdiga o‘zini xayrixohligini izhor etib, sovg‘a-salomlar jo‘natgan. G‘iyosiddin Pirshohdan ajralib ketgan amirlardan Sanjoqonhon, Elchi pahlavon, O‘rxon, Soyircha, Tekjoruq Xonkishilar o‘z lashkarlari bilan kelib Jaloliddin Manguberdiga qo‘shildilar. Jaloliddin Manguberdi Kalor shahri, Parosravar, Tarnuj qal’alarini qo‘lga kiritdi. Mulklarining katta qismidan ajralgan Qubacha 10 ming otliq qo‘shini hamda mamluklar sulolasidan bo‘lgan Dehli sultoni Shamsuddin Eltutmishdan olgan qo‘shimcha kuch bilan Jaloliddin Manguberdiga qarshi jang qilgan, biroq mag‘lubiyatga uchragan, uning xazinasi, qurol-yarog‘lari o‘lja tushgan. 1222-yil Chingizxon Jaloliddin Manguberdi izidan To‘rbay To‘qshin va Bola no‘yonni 20 minglik qo‘shin bilan jo‘natadi. Lekin ular Mo‘ltonga qadar borib, shaharni ololmay, jazirama issiqqa dosh berolmay qaytishadi. Jaloliddin Manguberdi o‘ziga qarshi mo‘g‘ul qo‘shinlari jo‘natilgani xabarini Parosravar qal’asini olgandan so‘ng eshitgan. Jaloliddin Manguberdi Mo‘lton tomon yo‘l olib Qubacha mulklaridan Uchcha, Sadusan, Xatisor, Deval va Damrillarni qamal qiladi, qo‘shini uchun tuyalar zarurligi tufayli Gujarot viloyati markazi Nahrvalga Xosxon boshchiligida qo‘shin jo‘natadi. Shamsuddin Eltutmish Jaloliddin Manguberdi ustiga katta qo‘shin (30 ming otliq, 100 ming piyoda, 300 ta fil) tortadi. Jaloliddin Manguberdi mardonavorlik bilan raqibiga qarshi chiqadi. Jaloliddin Manguberdining O‘zbek Toy Jahon Pahlavon qo‘mondonligi ostidagi ilg‘ori Eltutmish ilg‘ori bilan to‘qnashib raqibidan ustin keladi. Eltutmish Jaloliddin Manguberdi huzuriga elchisini yuborib sulh so‘raydi. Jaloliddin Manguberdi Hindistonda o‘z nomidan kumush va mis tangalar zarb qiladi, unga tobe hind mulklarida uning nomi xutbaga qo‘shib o‘qilgan. Biroq vaziyat borgan sari murakkablashib bormoqda edi. Eltutmish, Qubacha, shuningdek, Hindistonning boshqa viloyat hokimlari o‘zaro til biriktirib Jaloliddin Manguberdiga qarshi ittifoq tuzmoqchi ekanliklari ayon bo‘lib qoldi. Jaloliddin Manguberdining lashkarboshisi Yazidak pahlavon va Sunqurjiq Toysilar xiyonat qilib Eltutmish tomoniga o‘tganlar. Qiyin vaziyatdan qutulish uchun Jaloliddin Manguberdi harbiy kengash chaqirgan. Amirlarning ko‘pchiligi Iroq tomon yurish qilib, uni G‘iyosiddin Pirshohdan tortib olishni taklif qiladi. Iroqda siyosiy parokandalik hukm surardi. Iroq tomon ketishga qaror qilinadi. Jaloliddin Manguberdi o‘zining Hindistonda zabt etgan mulklariga O‘zbek Toy Jahon Pahlavoni, G‘ur va G‘azni viloyatlariga Hasan Qarluqni noib sifatida qoldirib, Iroqqa yo‘l olgan. Cho‘lu biyobonlarni kesib o‘tishda Jaloliddin Manguberdining ko‘p jangchilari nobud bo‘lgan, nihoyat u 4 ming jangchisi bilan Kirmonga yetib kelgan. G‘iyosiddin Pirshohning Kirmondagi noibi Baroq hojib Jaloliddin Manguberdiga tobelik izhor qiladi. Shundan so‘ng Jaloliddin Manguberdi Fors viloyati markazi Sherozga kelgan. Fors hokimi otabek Sa’d ibn Zangiy va Yazd hokimi otabek Alouddavla ibn To‘g‘onshoh unga tobelik bildirishadi. Jaloliddin Manguberdi Isfahonga kelganda aholi uni katta tantana bilan kutib oladi, qo‘shini qurol-aslaha bilan ta’minlanadi. Bu hol G‘iyosiddin Pirshohga yoqmaydi, u akasiga qarshi 30 ming otliq qo‘shin bilan yo‘lga chiqadi. Biroq Jaloliddin Manguberdi unga sovg‘a-salomlar bilan miroxur Odekni elchi sifatida jo‘natgan va o‘zaro nizoni tinchlik bilan hal etgan. Qo‘shin boshliqlari Jaloliddin Manguberdi tomoniga o‘tgan. 1225-yil Jaloliddin Manguberdi Ozarbayjonga yurish qiladi. So‘ng Bag‘dodga qarshi yurishga hozirlik ko‘radi. Xalifa Nosirgacha elchi jo‘natib, mo‘g‘ullarga qarshi birlashishga chaqiradi. Bunga javoban Xalifa Jaloliddin Manguberdiga qarshi o‘zining mamluki amir Jamoliddin Qushtemir boshliq 20 minglik qo‘shin jo‘natdi. Basra yaqinidagi jangda Xalifa qo‘shinlari tor-mor keltirildi. Xalifa Bag‘dod mudofaasi bilan mashg‘ul bo‘ladi. Jaloliddin Manguberdi Bag‘dod atrofida 12 kun turgach, Ozarbayjon tomon ketadi. Ozarbayjon va Arron otabegi O‘zbek ichkilik, maishatga berilib davlat ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygan edi, davlatni amalda uning xotini Malika xotun boshqarardi. 1225-yil mayda Jaloliddin Manguberdi Marog‘a shahrini jangsiz qo‘lga kiritadi. Damashq, Erbil hokimlari u bilan ittifoq tuzishga rozi bo‘ladilar. Otabek O‘zbek Tabrizni tashlab Ganjaga, so‘ng Alinjo qal’asiga qochib o‘sha yerda vafot etadi. Jaloliddin Manguberdi Malika xotunga uylanadi. Tabrizda bir necha kun turgandan so‘ng o‘z qo‘shinini Gruziya tomon boshlaydi. 1225-yil avgustda Garni qal’asi yaqinida gurjilarning Ivane Mxargdzeli boshliq 60 minglik qo‘shinini tor-mor keltiradi va Tiflisga qarab yuradi. Gruziya malikasi Rusudana Kutaisiga ko‘chib o‘tgan. Jaloliddin Manguberdi Dvin, Lori shaharlarini egallaydi, Surmari shahri hokimlari o‘z tobeliklarini bildirishgan. 1227-yil sentabrda Isfahondan 30 chaqirim sharqdagi Sin qishlog‘i yaqinida Jaloliddin Manguberdi mo‘g‘ullarning Taynol no‘yon boshliq qo‘shinini yenggan.Taynol no‘yon Jaloliddin Manguberdi haqida: “Zamonasining haqiqiy bahodiri ekan, o‘z tengqurlarining sarvari ekan”, degan. Jaloliddin Manguberdining Ko‘niya sultoni Alouddin Kayqubod, Jazira hokimi al-Malik al-Ashrof Muzafariddin Muso, Damashq hokimi al-Malik al-Muazzam Sharafiddin Is va Misr hokimi al-Malik al-Komil Muhammadga nomalar yozib, ularni mo‘g‘ullarga qarshi kurashish yo‘lida birlashtirish yo‘lidagi xatti-harakatlari behuda ketdi. Ustiga ustak Alouddin Qayqubod muxolif kuchlarni Jaloliddin Manguberdiga qarshi birlashtirishga muvaffaq bo‘ldi. 1230-yil 10-avgustda Arzinjon yaqinidagi jangda Jaloliddin Manguberdi kuchlari mag‘lubiyatga uchradi. Jaloliddin Manguberdining kuchsizlanganidan foydalangan mo‘g‘ullar katta qo‘shin bilan Ozarbayjonga bostirib kirib Marog‘a, Tabrizni egallab (1231) Jaloliddin Manguberdini ta’qib etishgan. Mayofariqin viloyatidagi qishloqlardan birida mo‘g‘ullar tungi hujum natijasida Jaloliddin Manguberdining oz sonli qo‘shinini tor-mor keltirdilar, Jaloliddin Manguberdini o‘zi esa ta’qibdan qutulib Qurdiston tog‘lariga chiqib ketgan. Bu yerda qaroqchi kurdlar qo‘liga asir tushib, fojiali ravishda halok bo‘lgan. Jaloliddin Manguberdi haqida uning shaxsiy kotibi, tarixchi Nasaviy shunday yozadi: “Jaloliddin qorachadan kelgan, o‘rta bo‘yli, turk lafzli odam edi. Fors tilini ham yaxshi bilardi. Uning botirligiga kelganda shuni aytish kerakki, sulton arslonlar orasidagi eng kuchli sher edi. Bir so‘zli, kek saqlamaydigan, ochiq ko‘ngil, to‘g‘ri odam edi. U jiddiy shaxs edi. Hech qachon kulmasdi. Juda nari borsa jilmayib qo‘yardi. U adolatsizliklarni yomon ko‘rardi. Jaloliddin o‘ta qat’iyatli, nihoyatda irodali, murakkab vaziyatlarda, taqdirning qaltis sinovlarida o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydigan favqulodda mard va botir sarkarda edi. O‘zbekiston hukumati Jaloliddin Manguberdining mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashda ko‘rsatgan mislsiz jasorati, vatanga va o‘z xalqiga sadoqat va cheksiz muhabbatini qadrlash va uning porloq ruhini abadiylashtirish maqsadida “Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligini nishonlash haqida” qaror qabul qildi (1998). Qarorga ko‘ra, uning yurti Xorazmda Jaloliddin Manguberdiga haykal o‘rnatildi, yirik ko‘cha, maydon, jamoa korxonalari va boshqalarga uning nomi qo‘yildi. Jaloliddin Manguberdining harbiy yurishlarida hamroh bo‘lgan tarixchi Nasaviy Jaloliddin Manguberdiga bag‘ishlab “Siyrat as-sulton Jaloliddin Manguberdi” (“Sulton Jaloliddin Manguberdining holati”) nomli asar, Maqsud Shayhzoda esa “Jaloliddin” (1943-yil) dramasini yozgan. Jaloliddin Manguberdi haqida video film, doston, p’esa va boshqalar yaratilgan. 2000-yilning 30-avgustida “Jaloliddin Manguberdi” ordeni ta’sis etilgan.
17-mavzu:Buyuk davlat arbobi, sohibqiron Amir Temur - o‘rta asrning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi - 1336 yil 7 aprelda Kesh (hozirgi Shahrisabz) shahri yaqinidagi Xoja Ilg‘or qishlog‘i (hozirgi Yakkabog‘ tumani)da tug‘ildi. Uning to‘liq ismi Amir Temur ibn Amir Tarag‘oy ibn Amir Barqul.
Turon xalqlarining ahamoniylar bosqiniga qarshi kurashiga rahbarlik qilgan jasur sarkarda. Qadimgi yunon tarixchisi Gerodotning “Tarix” (mil. avv. V asr) asarida yozilishicha, Ahamoniylar davlati asoschisi Kir II mil. avv. 530-yilda Turonga bostirib kirganida, To‘maris massagetlar qabilasining malikasi bo‘lgan. Massagetlar bu paytda Amudaryo (Araks) bo‘ylari va Qizilqumda yashashgan. To‘maris massagetlar podshosining xotini bo‘lib, u erining vafotidan so‘ng davlatni boshqargan. Erondan kelgan bosqinchilar qo‘shini bilan massagetlar o‘rtasida shiddatli janglar bo‘lgan. Dastlabki jangda To‘marisning o‘g‘li Sparangiz (Sparganis) boshchiligidagi massagetlar g‘olib chiqqan. Biroq keyingi jangda forslar hiyla yo‘li bilan Sparangiz va ayrim massagetlarni asir olishganda, or-nomusga chiday olmagan Sparangiz o‘zini o‘ldirgan. To‘maris o‘g‘lining halokatidan esankirab qolmay, o‘z xalqining manfaatini o‘ylab, Kir II dan massagetlar yurtidan chiqib ketishini so‘raydi. Biroq forslar shohi rad javobini bergach, ikki o‘rtada ayovsiz jang bo‘lgan. Gerodot massagetlar va forslar o‘rtasidagi jang tafsilotlarini o‘z asarida quyidagicha tasvirlaydi: “Mening bilishimcha, bu jang varvarlar o‘rtasidagi barcha janglardan ham dahshatli bo‘lgan. Avval har ikkala qo‘shin bir-birini uzoq masofadan turib, kamondan o‘qqa tutdilar. Kamon o‘qlari tugagach, ular nayza va qilich bilan kurashdilar. Jang uzoq vaqt davom etdi. Ko‘p qon to‘kildi. Nihoyat, massagetlar g‘alaba qozondilar. Fors qo‘shinlarining asosiy qismi, jumladan, Kir II ham jang maydonida halok bo‘lgan. U to‘liq 29 yil shohlik qilgan edi. Kir II ning jasadi topilgach, malika (To‘maris)ning buyrug‘i bilan uning kesilgan boshi inson qoni bilan to‘lg‘azilgan meshga solingan”. 19-mavzu:ShIROQShIROQ (yunon manbalarida Sirak) (mil. av. 6-asr) —Turon xalqlarining axomaniylar podshosi Doro I (q. Doro) bosqiniga qarshi kurashgan xalq qahramoni. Shiroqning hayoti haqida manbalarda juda oz ma’lumotlar saqlanib qolgan. Mil. av. 6-asr boshlarida Eron shohi Doro I qo‘shini Turon hududiga bostirib kirgan. Yunon tarixchisi va notig‘i Polien (mil. 2-asr) ning 8 kitobdan iborat «Harbiy hiylalar» («Strategmalar») asarida ilk marta Shiroq jasorati tilga olingan. Polienning yozishicha, sak qabilalari oqsoqollari Sakfar, Omarg va Oamiris fors qo‘shinini yengish uchun harbiy kengash (qurultoy) o‘tkazayotganda, ularning huzuriga oddiy otboqar Shiroq kelib, o‘z rejasini bayon qilgan. Rejaga ko‘ra, Shiroq o‘z qabilasi manfaatini himoya qilib, harbiy hiyla ishlatgan va yolg‘iz o‘zi Doro I lashkariga qarshi turgan. Sh. Doro I qarorgohiga kelib, unga qabiladoshlari nohaq sitam yetkazganligi uchun (uning burni va quloqlari kesilgan edi) u Eron qo‘shinini saklar (shaklar) qabilasi turgan yerga qisqa yo‘l bilan olib borishini aytib, dushman qo‘shinini Qizilqum cho‘li ichkarisiga boshlaydi. Eron qo‘shini «yo‘lboshlovchi»ning maslahati bilan faqat 7 kunga yetadigan suv, oziqovqat va yemxashak olgan edi. Jazirama issikda cho‘lni kechib o‘tayotgan dushman qo‘shini holdan toyib. oziqovqat ham tugaydi. Nihoyat, muhlatning 7kunida dushman qo‘shini aldanganini payqaydi. Shiroq atrofini qurshab olgan shoh Doro I va uning sarkardalariga qarata quyidagi so‘zlarni aytgan: «Men yolg‘iz o‘zim Doro qo‘shinini yengdim. Sizlarni aldab, cho‘lning qoq o‘rtasiga olib keddim. Xohtagan tomoningizga ketishingiz mumkin, vohagacha to‘rt gomoningiz ham 7 kunlik yo‘l!». Dahshatga tushgan shoh va uning sarkardalari Shiroqqa yolvorib, unga suvsiz cho‘ldan olib chiqishi uchun katta boylik va’da qilishadi. Shiroq vatan ozodligi yo‘lida jon fido qilishini aytgach, Doro 1 ning sarkardasi Ranosbat uni qilich bilan chopib tashlaydi. Qo‘shinning asosiy qismi suvsizlik va ochlikdan Qizilqum cho‘lida qirilib ketgan. Faqat Doro I va uning oz sonli a’yonlari yomg‘ir yog‘ishi natijasida halokatdan qutulib, Baqtra daryosi (Amudaryo) qirg‘og‘igacha yetib kelishgan. Shiroqning jasorati haqida turkiy xalqlar o‘rtasida jangnoma va rivoyatlar yaratildi. Bu rivoyatlar «Shiroq» nomi bilan mashhur. Buxoro cho‘ponlari o‘rtasida bu rivoyatlar hozir ham aytiladi. U turkiy xalqlarga qo‘shni boshqa hududlardagi xalq og‘zaki ijodiga ham kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Bu tarixiy voqeani oradan 800 yil o‘tgach, Polien o‘z asarida yuqoridagicha keltirib o‘tgan. Yozuvchi Mirkarim Osim «Shiroq» qissasi va shoir Usmon Qo‘chqor «Shiroq» dostonida Shiroq jasoratini ulug‘lashgan. Toshkentda Shiroq nomli ko‘cha mavjud. Shiroq milliy qahramon sifatida O‘zbekiston tarixiga oid turli kitoblardan o‘z munosib o‘rnini egallagan. 20-Mavzu:Spitamen Spitamen miloddan avvalgi 370-328-yillar), sug'dlar sarkardasi. Spitamen miloddan avvalgi 329–328-yillarda Sugʻdiyonada makedon bosqinchilariga qarshi koʻtarilgan xalq qoʻzgʻoloni rahbari. Spitamen (yun. — Spitamenes, sugʻdcha — Spitamana) (?—mil. av. 328) — Sutdiyonada vatan ozodligi yoʻlida Aleksandr (Iskandar)ga qarshi koʻtarilgan xalq qoʻzgʻoloni (qarang Spitamen qoʻzyuloni) rahbari. Yozuvchi V. V. Yanningyozishicha, S.ning onasi — sugʻd, otasi — sak qabilasiga mansub aslzoda xonadondan boʻlgan. S. yoshligida abjir, chaqqon yigit boʻlib oʻsgan. Otda chopish, kamon otish, qilichbozlikda unga hech kim tenglasha olmagan. S. dastlab Doro III ning , soʻngra Bessning lashkarboshilaridan, yaqin safdoshlaridan boʻlgan. Bess oʻlimidan soʻng , yunonmakedon istilochilariga qarshi 3 y. davomida mardona karshilik koʻrsatgan Aleksandr Makedonskiy miloddan avvalgi 329-yil bahorida Turon zaminga bostirib kirib, Maroqandani egallaydi va Tanais (Yaksart, hozirgi Sirdaryo) boʻyidagi qal’alarni egallash bilan mashgʻul boʻlib turganda, baqtriyaliklar va sugʻdiylar Spitamen boshchiligida Sugʻdiyonada qoʻzgʻolon koʻtarib, Maroqandani qamal qilganlari haqida xabar keladi. Qoʻzgʻolonchilar makedon qoʻshinlari ustidan ketma-ket ajoyib gʻalabalarga erishayotgan edilar, bular Aleksandr qoʻshinining ruhini tushirib yubormoqda edi. Buning ustiga Aleksandr turgan Tanaisning narigi betiga osiyolik skiflar (saklar) ning katta qoʻshini yetib kelgan boʻlib, Spitamenga qoʻshilishga tayyor edi. Aleksandr qoʻshini bilan saklarga zarba berish uchun oʻq yomgʻiri ostida daryodan oʻtadi va saklar qisqa, shiddatli olishuvdan soʻng choʻl ichkarisiga qarab atayin chekinadilar. Arushanning yozishicha, Aleksandr qoʻshini ularni jazirama issiq sharoitida biroz ta’qib etgach, tashnalik azobidan qiynalgan, u koʻlmak suvdan ichib, ichburugʻ kasaliga uchrab, orqaga qaytishga majbur boʻlgan. Makedon bosqinchilarida endi Marokandaga, Spitamenga qarshi katta kuch tashlash imkoniyati paydo boʻladi. Unga qarshi Menedem boshchiligida 3000 piyoda va 800 otliq askar yuboriladi. Spitamen uning yoʻliga pistirma qoʻyib, raqibini qirib tashlaydi, jangda 2000 piyoda va 300 otliq oʻldiriladi. Aleksandr unga qarshi mahalliy xalq tilini biluvchi Farnux boshchiligida qoʻshin yuborgan. Lekin Spitamen vaziyatga toʻgʻri baho berib, jang qilishdan voz kechadi va Maroqanda qamalini boʻshatib, massagetlar bilan qoʻshilish uchun chekinadi. Spitamen oʻziga qoʻshilgan 600 massaget otliqlari bilan choʻlga yaqin sayxonlikda oʻrnashib oladi va makedoniyaliklarga qarshi ajoyib usulda jang qilishga qaror qiladi. U dushman hujumini ham kutmaydi, oʻzi ham unga hujum qilmaydida dushman piyodalari atrofida ot choptirib, unga oʻq yomgʻiri yogʻdiradi, bordiyu makedoniyalik otliq jangchilar horigan otlarida ularga tashlanishga harakat qilgudek boʻlsalar, Spitamenning ildam baquvvat otlari osongina ulardan uzoqlashardi. Shu tariqa jang qila-qila makedon qoʻshinini tinkasini quritganlar. Dushmanlardan koʻpi oʻlgan, yarador boʻlgan. Makedon qoʻshini koʻp talafot bergach, toʻrtburchak boʻlib saflanib, Politimet (Zarafshon) daryosi oʻrtasida joylashgan oroldagi toʻqayzorga chekingan. Bu yerda ham Spitamen ularni tinch qoʻymaydi. Makedon otliqlarining bir qismi otryad boshligʻidan beruxsat daryoni kechib oʻta boshlaydi, uning ortidan piyodalar tartibsiz suratda ergashishadi. Spitamen kamonchilari va massagetlar daryodan oʻtganlarni oʻldirib, oʻtishga harakat qilayotganlarni esa kamondan oʻqqa tutadilar. Ayni paytda Spitamen suvoriylari va massagetlar daryodagi orollardan biriga chiqib, omon qolmoqchi boʻlgan raqibga qarshi otlarini suvga haydab qanotlardan hujum qiladilar. Makedoniyaliklarning bir qismi massagetlar qoʻygan pistirmaga tushib qolib, barcha makedon harbiy boshliqlari oʻldiriladi, bor-yoʻgʻi 40 suvoriy va 300 piyoda qochib qutuladi, xolos. Mana shu tariqa Spitamenning harakatchan otliqlari betma-bet jangga kirishmay, raqibni asta-sekin tuzoqqa tushirib, uning yirik otryadini qirib tashlashga erisha olgan. Aleksandr hech qachon bunchalik yirik magʻlubiyatga uchramagandi. Shuning uchun Spitamenga qarshi oʻzi otlanadi, Spitamen atayin choʻlga chekinadi. Biroq Aleksandr uning hiylasiga uchmay, orqasiga qaytib, alamini tinch aholidan oladi – qishloqlarga oʻt qoʻyib, 120 mingdan ortiq aholini qirib tashlaydi. Miloddan avvalgi 328-yilda, Aleksandr Spitamenning koʻchmanchi massagetlar orasida yashirinib yurganidan xabardor boʻlgach, ularga qarshi qoʻshin yubordi. Ammo Spitamen 600 otliq bilan toʻsatdan Baqtriyada paydo boʻlib, Aleksandr qoʻshiniga hujum qilgan. Biroq jangda magʻlub boʻlgan. Spitamen omon qolgan massagetlar bilan choʻlga yashirinadi. Aleksandrning oʻch olishidan qoʻrqqan massagetlar boshliqlari Spitamenning boshini kesib, Aleksandrga yuboradilar. Qoʻzgʻolon rahbari halok boʻlishiga qaramay, xalq harakati yana bir yil davom etgan
21-mavzu: Imom-Al-buxoriy
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn al-Mag‘iyra ibn Bardazbeh al-Juafiy al-Buxoriy hijriy 194 yil shavvol oyining 13-kuni (810 yil 20 iyul)da tavallud topgan. Al-Buxoriy yoshligidayoq otasi vafot etib, onasi tarbiyasida o‘sgan. U yoshligidan aql-idrokli, o‘tkir zehnli va ma’rifatga havasi kuchli bo‘lib, turli ilm-fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini zo‘r qiziqish bilan egallaydi. U o‘n yoshidan boshlab o‘z yurtidagi turli rivoyatchilardan eshitgan hadislarni, shuningdek, Abdulloh ibn al-Muborak va Vakiy kabi olimlarning hadis to‘plamlarini mutolaa qilib, yodlagan, ustozi Shayx Dohiliy bilan hadis rivoyatchilari haqidagi qizg‘in bahslarda qatnashgan.825 yili o‘n olti yashar al-Buxoriy onasi va akasi Ahmad bilan Hijozga qarab yo‘l tutadi, muqaddas shaharlar Makka va Madinani ziyorat qilib, olti yil Hijozda yashab, hadis ilmidan o‘z bilimini yanada oshirish maqsadida o‘sha paytda ilm-fanning yirik markazlaridan hisoblangan Damashq, Qohira, Basra, Kufa, Bag‘dod kabi shaharlarda yashab, u joylardagi mashhur olimlardan hadis bilan bir qatorda fiqh ilmidan ham ta’lim oladi, yirik olimlar davrasida ilmiy bahslaru munozaralarda qatnashadi va ilm toliblariga dars ham beradi. Imom al-Buxoriy hayotining ko‘p qismi xorijiy ellarda, musofirchilikda o‘tdi. Bu haqda uning o‘zi: “Misr, Shom, Mesopatamiyaga ikki martadan, Basraga to‘rt marta borganman. Hijozda olti yil yashaganman, Bag‘dod va Kufa shaharlariga necha marta borganim hisobini bilmayman”, degan ekan. U safar chog‘ida ham, bir shaharda muqim turganda ham ilmini oshirish borasida tinimsiz ishlar, to‘plagan hadislarini oqqa qo‘chirar edi. Bag‘dodda istiqomat qilgan paytda ko‘pincha oyning nurida ijod qilib, qorong‘i kechalarda sham yorug‘ida kitob yozar ekan. 22-mavzu: Abu Iso Muhammad at-Termiziy haqidaO‘rta asrlarda yashagan ko‘pgina olimlar ilm-fanning turli sohalariga oid dunyoviy fanlar bilan birga diniy ilmlar rivojiga ham katta e’tibor berganlar. Zotan diniy ilmlar jamiyat taraqqiyotida, insonlarning kamol topishi va dunyoqarashi shakllanishida alohida ahamiyat kasb etgan.
Imom –At Termiziy Jahonshumul ahamiyatga ega asarlar yaratgan buyuk allomalardan biri – mashhur muhaddis (hadis ilmi olimi) Abu Iso Muhammad at-Termiziydir. Uning to‘liq ismi Abu Iso Muhammad ibn Savra ibn Muso ibn ad-Dahhok as-Sullamiy (umrining oxirlarida ko‘zi ojiz bo‘lib qolganligidan ad-Dariyr taxallusi bilan ham atalgan) at-Termiziy bo‘lib, u hijriy hisobda 209 (milodiy 824) yilda Termizda, uncha badavlat bo‘lmagan oilada tavallud topdi. Markaziy osiyolik mashhur olim va tarixchi Abu Saad Abdulkarim as-Sam’oniy (113/1167) “Al-Ansob” nomli asarida yozishicha, at-Termiziy Bug‘ (hozirgi Sherobod tumani) qishlog‘ida vafot etganligi uchun uning nomiga al-Bug‘iy taxallusi ham qo‘shilgan. Uning yoshlik yillari Termiz shahrida o‘tib, dastlabki ma’lumotni ham shu shaharda olgan. Chunonchi, yozma manbalar va tarixiy osori atiqalardan ma’lumki, o‘rta asrlarda Termiz ham Markaziy Osiyoning Urganch, Buxoro, Samarqand singari ilm-fan va madaniyati rivojlangan shaharlardan biri bo‘lgan. Mana shunday madaniy muhitda o‘sgan at-Termiziy yoshligidan turli ilmlarni egallashga zo‘r qiziqish bilan intilgan. Bolaligidan o‘ta ziyrakligi, yodlash qobiliyatining kuchliligi va noyob qobiliyati bilan o‘z tengqurlaridan ajralib turgan at-Termiziy diniy va dunyoviy fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini alohida qiziqish bilan egallagan va bu boradagi o‘z bilimlarini muttasil oshirish uchun ko‘pgina Sharq mamlakatlarini ziyorat qilgan. Jumladan, u uzoq yillar Iroqda, Isfahon, Xuroson, Makka va Madinada yashagan. Ko‘p yillar davom etgan safarlari chog‘ida at-Termiziy ilm-fanning turli sohalaridan – ilm al-qiroat, ilm al-bayon, fiqh, tarix, ayniqsa, o‘zi yoshligidan qiziqqan hadis ilmidan o‘z davrining yirik olimlari – mashhur muhaddislaridan ta’lim oladi. Uning ustozlaridan imom al-Buxoriy, imom Muslim, imom Abu Davud, Qutayba ibn Sa’iyd, Is’hoq ibn Muso, Mahmud ibn G‘aylon va boshqa mashhur muhaddislarni ko‘rsatish mumkin. Manbalarda yozilishicha, hadislarni to‘plashda va o‘rganishda at-Termiziy har bir qulay fursatdan unumli foydalangan. U yo‘lda, safarda bo‘lganda ham yoki bir joyda muqim turganda ham o‘z ustozlaridan, uchratgan roviylaridan eshitgan hadislarni darhol yozib olib, ularni tartibli ravishda alohida-alohida qayd qilib borgan. O‘z davrining yetuk muhaddis olimi sifatida tanilgan at-Termiziy ko‘pdan-ko‘p shogirdlarga ustozlik qilgan. Hadis ilmidagi uning shogirdlaridan Makhul ibn al-Fadl, Muhammad ibn Mahmud, Anbar, Hamad ibn Shokir, Abd ibn Muhammad an-Nasafyun, al-Haysam ibn Kulayb ash-Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf an-Nasafiy va Abul Abbos Muhammad ibn Mahbub al-Mahbubiylarni sanab o‘tish mumkin. Musofirchilikdan qaytgan at-Termiziy o‘z yurtida yirik muhaddis olim sifatida shuhrat qozondi va ijodiy ish, shogirdlar tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘ldi. U 279 hijriy (milodiy 892) yilda Termizdan uzoq bo‘lmagan Bug‘ qishlog‘ida vafot etadi va shu yerda dafn qilinadi. O‘z ijodiy va ilmiy faoliyati davrida at-Termiziy bir qancha asarlar yaratdiki, ularning aksariyat qismi bevosita hadislarga bag‘ishlangan. Gap shundaki, Islom dini chegaralarining kengayishi, uning qonun-qoidalariga asoslangan jamiyat rivojlangan sari turli-tuman yangi g‘oyaviy fikr-mulohazalar va ko‘rsatmalarga ehtiyoj tobora kuchaya borgan. Shu sababdan ham barcha jihatlardan namunali zot hisoblangan payg‘ambar Muhammad alayhissalomning o‘zlari aytgan ibratomuz pand-nasihatlar, diniy, axloqiy masalalarga doir qarashlari, qo‘rsatmalari hamda payg‘ambar alayhissalom hayoti, faoliyati xususida qarindosh-urug‘lari, sahobalari, yaqin safdoshlari aytgan hikoyat va rivoyatlari – hadislarni to‘plash keng ko‘lamda avj olgan. Shunga ko‘ra, islom ta’limotida hadislar Qur’ondan keyin turadigan muhim manbalar hisoblanadi. Islom ulamolari o‘rtasida ilk davrdan boshlab hadislarning to‘g‘riligi, ularni ishonchli manbalarga asoslanishiga katta e’tibor berilgan. Chunonchi, o‘sha davrning o‘zidan boshlaboq noaniq, chala-chulpa, hatto soxta hadislar ham el orasida tarqay boshlagan. Shunday paytlarda ular qayta-qayta tekshirilib, muhaddislarning betinim mehnati natijasida asl holiga qaytarilib, yozma ravishda qayd qilingan. Natijada islomshunos yirik ulamolar orasida ishonchli manbalar asosida to‘plangan va tartibga keltirilgan oltita hadislar to‘plami (As-sihoh as-sitta) mualliflari eng nufuzli va mo‘tabar muhaddislar deb tan olingan. Mana shu e’tirof etilgan mashhur muhaddislardan biri – Imom at-Termiziydir. At-Termiziy qalamiga mansub asarlarning aksariyati bizgacha yetib kelgan. “Al-jomi’” (“Ja’mlovchi”). “Ash-shamoil an-nabaviya” (“Payg‘ambarning alohida fazilatlari”), “Al-ilal fi-l-hadiys” (“Hadislardagi og‘ishishlar”), “Risola fi-l-xilof va-l-jadal” (“Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola”), “At-tarix” (“Tarix”), “Kitob az-zuhd” (“Taqvo haqida kitob”), “Kitob ul-asmo va-l-quna” (“Ismlar va laqablar haqida kitob”) kabi asarlar shular jumlasiga kiradi. Shayx Najmiddin Qubro Najmiddin Kubro 1145 yilda Xeva shahrida dunyoga keladi. Uning asl nomi Ahmad bin Umar bin Muhammad al-Xevaqiy al-Xorazmiy bo‘lib, “Najmiddin”, “Kubro”, “Abuljannob”, “Valiytarosh” so‘zlari bu zoti mukarramning laqab, unvon va kuniyatidir. Abdurahmon Jomiyning “Nafahotul uns”asarida qayd etilishicha, Ahmad yoshligidan ilm-donishga qiziqqan qobiliyatli kishi bo‘lgan ekan. U islom asoslari, shariat ilmlarini juda tez o‘zlashtirib olib, Xorazmning manman degan ulamolaridan o‘zib ketadi va ilmiy bahslarda barchadan g‘olib chiqadi. Shu bois unga “Tammatul kubaro”, ya’ni ulamolarning yetugi, ulug‘vori va ilm balosi degan laqabni oladi. Buning yoniga “Najmiddin” – “dinning yulduzi” degan martaba-unvon qo‘shilib, Ahmad bin Umar shundan keyin Najmiddin Kubro nomi bilan mashhur bo‘lib ketadi. Najmiddin Kubro taxminan o‘n olti-o‘n yetti yasharligida Vatani Xorazmni tark etib, tahsilni chuqurlashtirish maqsadida Eron, Misr, Shomu Iroq mamlakatlarini kezadi. Uni ilmga chanqoq qalbi hech tinch qo‘ymas, qaerdaki biror nomdor olimning ovazasini eshitsa, darhol yo‘lga tushar, goh piyoda, goh ot-ulov yoki tuyada haftalab, ba’zan oylab yo‘l bosar, qidirgan kishisini topib, undan sidqidildan saboq olardi, agar ko‘ngli to‘lmasa, ijozat olib, yana yo‘lga tushardi. Sh tariqa Njmiddin Kubro Bag‘dod, Tabriz, Nishopur, Tus, Dizful shaharlaridagi atoqli olimlardan shariat ilmlari, hadis va tafsirni chuqur o‘zlashtirib, donishmand inson bo‘lib yetishadi. Najmiddin Kubro Xorazmga 1185 yilda qaytib keladi. Demak, bu vaqtda u qirq yashar bo‘lib, yigirma besh yildan ortiq umrini ilm tahliliga bag‘ishlagan edi. Najmiddin kishilarni ezgulikka, ilmga, saxovat va mardlikka da’vat etdi. Najmiddin Kubro 1221 yilda Chingizxon to‘dalariga qarshi jangda shahid bo‘ladi. Dushman Xorazmga yaqinlashganda, Muhammad Xorazmshoh qochib ketgan, lashkar parokanda edi. Shayx muridlarini jamlab, ularga qarab bunday deydi: “ Mashriqdan kelgan bu balo Mashriqu Mag‘ribni yakson etadi, yondirib kul qiladi. Sizlar har biringiz o‘z yurtingizga boring, o‘z joningizni asrash payida bo‘ling”. As’hob shayxga iltimos qilib dedilar: “Ot-ulovlar tayyor, agar shayx biz bilan hamroh ketishni ixtiyor etsalar, yaxshi bo‘lardi”. Bunga javoban Shayx Najmiddin Kubro deydi: “Men bu yerda shahid bo‘laman, menga Xorazmni tark etishga ruxsat yo‘q”. Kuffor, ya’ni mo‘g‘ul askarlari Gurganjga kirganda, shayx qolgan-qutgan muridlari bilan jangga shaylanadi. U xirqasining ustidan belbog‘ bog‘lab, qo‘yinlarini tosh bilan to‘ldiradi, qo‘liga nayza olib, dushman qarshisiga chiqadi. Kofirlarga qarab tosh ota boshlaydi, bir nechtasini nayza bilan urib yiqitadi. Ammo kofirlar uning ustiga kamon o‘qi yog‘diradilar. Bir o‘q kelib ko‘kragiga tegadi. Yetmish besh yashar mo‘ysafid - ilohiy ilhomdan ma’rifat topib, qalblarni nurlantirgan shayxi kabir holdan toyib, kuchi ketayotganini sezsa ham, janggni to‘xtatmaydi, dushman bayrog‘ini g‘azab bilan mahkam tutamlab oladi-da, shu holatda jon beradi. Deydilarkim, vafotidan keyin o‘nta odam uning mahkam qisilgan panjalari orasidan bayroqni zo‘rg‘a ajratib olgan. Ulug‘ shayx va donishmand insonning bu qahramonligi, jasorati dushmanni ham hayratga solgan. Bu ish avlodlarga ibrat bo‘ldi, xalq orasida afsonaga aylanib ketdi. |